2026-yil 24-aprel kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida Erasmus+ CBHE dasturi doirasidagi SILKWAY loyihasiga bag‘ishlangan Axborot kuni yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir qayta tiklanuvchi energiya sohasida ta’lim, ilmiy tadqiqot va sanoat hamkorligini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Mazkur tadbirda S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti xodimlari ham faol ishtirok etib, sohadagi zamonaviy yondashuvlar, innovatsion ishlanmalar hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir davomida professor Isroil Yuldoshev hamda Nargiza Dalmurodova SILKWAY loyihasining asosiy maqsadlari, yangi o‘quv kurslari, WP4 ish paketi doirasida rejalashtirilayotgan laboratoriya infratuzilmasi va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Ular o‘z nutqlarida ayniqsa, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va mutaxassislarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish masalalariga alohida urg‘u qaratdilar.
Ishtirokchilar “Muqobil energiya manbalari” kafedrasi tomonidan olib borilayotgan ilmiy yo‘nalishlar – quyosh fotoelektrik tizimlari, shamol energetikasi, gibrid energiya generatsiyasi hamda energiya saqlash texnologiyalari bo‘yicha erishilgan natijalar va istiqbolli loyihalar bilan tanishdilar. Shuningdek, universitetning geliopoligon imkoniyatlari hamda yaqin kelajakda joriy etilishi rejalashtirilayotgan zamonaviy laboratoriya jihozlarining ta’lim va ilmiy tadqiqotlardagi o‘rni keng yoritildi.
Mazkur Axborot kuni yakunlari oliy ta’lim muassasalari, ilmiy institutlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va talabalar amaliyotini tashkil etish uchun muhim poydevor yaratdi.
SILKWAY loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti uchun ham yangi ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, xalqaro tajribani o‘zlashtirish hamda qayta tiklanuvchi energiya sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Telefon: +99871 235 93 61
Faks: +99871 235 42 91
E-mail: ftikans@uzsci.net
Manzil: O'zbekiston, 100084, Toshkent sh., Chingiz Aytmatov ko'chasi, 2B uy