2023-yilning 19-21-oktabr kunlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti va Materialshunoslik instituti hamkorligida “Zamonaviy fizikaning fundamental va amaliy (tatbiqiy) muammolari” mavzusida Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (O‘zR FA) va O‘zR FA Fizika-texnika instituti tashkil topganligining 80-yilligiga, shuningdek, Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutining 30-yillik yubileyiga bag’ishlangan. Konferensiya zamonaviy fizikaning dolzarb fundamental va amaliy masalalariga oid keng ko‘lamli muammolarga bag‘ishlangan. Konferensiya quyidagi tadqiqot yo‘nalishlarini qamrab oladi: yadro va elementar zarrachalar fizikasi (jumladan, ularning amaliy jihatlari, shuningdek, yuqori energiyalar va kosmik nurlar fizikasi), yarimo‘tkazgichlar va qattiq jismlar fizikasi (jumladan, ularning amaliy jihatlari, shuningdek, plazma fizikasi), qayta tiklanuvchi energiya manbalari, materialshunoslik va ularning qo'llanilishi.
Konferensiya tashkiliy qoʻmitasiga jami 205ta ilmiy maqola, jumladan, Xitoy, Rossiya, AQSh, Qozogʻiston, Turkiya, Belarus, Tojikiston, Pokiston, Kanada va Ruminiyadan xorijiy olimlarning 68ta ilmiy maqolalari kelib tushdi. Konferensiyaning uch kuni davomida konferensiya tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tanlangan 16ta yalpi ma’ruza va 98ta seksiya ma’ruzalari tinglanadi. Konferensiyada taniqli horijiy olimlar, jumladan, Rossiyaning Birlashgan yadro tadqiqotlar instituti professorlari Aleksey Voynov va Igor Izosimov (BYaTI, Dubna, Rossiya), Xitoy Fanlar akademiyasidan professor Wang Hongjun, Pokistonning Wah universitetidan professor Jameel un-Nabi, Germaniyalik professor Peter John, Webster universiteti (AQSh) professori Turaeva Nigora, Ozarbayjonning Radiatsiya muammolari institutidan (Boku, Ozarbayjon) professor Agaev Teymur, Turkiyaning Karabük universitetidan professor Necla Chakmak, Kanadaning Toronto universitetidan professor M. Saghir, Qozog’istonning Yadro fizikasi institutidan (Olmaota) professor Joldybayev Timur, Qozog’istonning Fizika-texnika institutidan (Olmaota) professor Igor Lebedev dolzarb ilmiy ma’ruzalarini taqdim qilishadi.
Xalqaro konferensiyaning ochilishi 2023-yil 19-oktabr kuni soat 8:50da O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining Toshkent shahri, Chingiz Aytmatov ko‘chasi, 2B-uy manzilidagi majlislar zalida bo‘lib o‘tadi. Murojaat uchun telefon: +998931890304.
Telefon: +99871 235 93 61
Faks: +99871 235 42 91
E-mail: ftikans@uzsci.net
Manzil: O'zbekiston, 100084, Toshkent sh., Chingiz Aytmatov ko'chasi, 2B uy