Akademik Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshevning mening boshqa ustozlarim, fizika-matematika fanlari doktorlari, professorlar Anvar Ortiqovich Yo‘ldoshev, Sa'dulla Lutfullaevich Lutpullaev, Qosim Olimovich Olimovlar, singari meni olim va ilmiy-tadqiqot instituti rahbari bo‘lib yetishishimda katta hissasi bor. 2015 yilda, men Pokistonning Islomobod shahridagi COMSATS universitetining fizika fakultetida 5 yildan beri xorijiy professor lavozimida ishlagan va yuqori energiyalar yadro fizikasi sohasida nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan 30 dan ortiq ilmiy maqolalarim bo'lgan bir paytda Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshev meni Vatanga, O‘zbekistonga qaytib, fan doktori dissertatsiyasini ingliz tilida yozishga undadi. U mening chop etilgan ilmiy maqolalarim asosida dissertatsiya mavzusining nomi va uning boblari bo‘yicha qimmatli takliflarini berdi. Behzod Sodiqovichning maslahati bilan 2000-yillarning boshida men ingliz tilini mukammal o‘rganib, ilmiy maqolalarimni ingliz tilida yozishni boshlagan edim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori lavozimlarida juda band bo’lishiga qaramay, B.S. Yo‘ldoshev bir oy davomida ingliz tilidagi doktorlik dissertatsiyamni puxta o‘rganib chiqdi va ilmiy ishim sifati va taqdimotini yaxshilashga qaratilgan qimmatli tavsiyalar berdi. 2018-yil iyun oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti huzuridagi dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashda fizika-matematika fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qildim. 2020-yilda professor ilmiy unvonini olishim uchun barcha talablarni bajarganimdan so‘ng, ustozim Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshev tegishli hujjatlarni tayyorlab, O’zR FA Fizika-texnika instituti Ilmiy kengashiga professor ilmiy unvoniga nomzodimni taqdim etishimni so’radi. 2020-yil noyabr oyi boshida yangi olingan professorlik attestatimni Fanlar akademiyasidagi Behzod Sodiqovichni kabinetiga olib kelib fotihasini olganimda, Ustozim juda xursand bo‘ldi. U meni chin dildan tabrikladi va duo qildi, shuningdek, ota-onamni tabriklashimni so’radi. Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshev umrining so‘nggi ikki yilida ham rahbarlik lavozimida juda ko’p mehnat qilishi va sog‘lig‘ida jiddiy muammolar bo‘lishiga qaramay, umrining oxirigacha men va boshqa shogirdlari bilan ilmiy tadqiqot ishlari bilan faol shug‘ullanib, olingan ilmiy natijalarni tavsiflash va ilmiy maqolalarni yozish bo‘yicha qimmatli maslahatlar berdi. An’anaga ko‘ra, bizlar har ikki haftada O‘zbekiston Fanlar akademiyasidagi Behzod Sodiqovichni kabinetida uchrashib, yuqori energiyalar yadro fizikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarimizning so‘nggi natijalarini muhokama qilardik va qilinadigan ilmiy ishlarni rejalashtirardik. Behzod Sodiqovich ajoyib intuitsiyaga ega bo'lib, qaysi fizikaviy xossalar va xususiyatlar tahlil qilinishi muhim ilmiy natijalarga olib kelishini juda yaxshi his qilgan yetuk olim edi. Shu bilan birga, u o‘z shogirdlaridan olingan ilmiy natijalarni bir necha bor tekshirib ko‘rishni, tegishli hisob-kitoblarni 5-6 marta takrorlashimizni talab qilardi. Yuqori energiyali yadroviy to’qnashuvlarida hosil bo’lgan sakkiz kvarkdan iborat rezonans zarra hamda uch-protonli rezonans zarra kashfiyotlariga bag’ishlangan ikkita qo‘shma ilmiy maqolamiz 2022-2023-yillarda nufuzli xalqaro ilmiy jurnalda chop etilganida ustozim Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshevning ko’zlarida juda katta quvonch va chuqur mamnuniyatni ko‘rgan edim.
Buyuk va olijanob inson, mohir olim va ilm-fan tashkilotchisi, g‘amxo‘r ustoz, akademik Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshevning xotirasi qalblarimizda mangu saqlanib qoladi.
Xusniddin Olimov,
O’zbekiston Fanlar akademiyasi
Fizika-texnika instituti direktoriTelefon: +99871 235 93 61
Faks: +99871 235 42 91
E-mail: ftikans@uzsci.net
Manzil: O'zbekiston, 100084, Toshkent sh., Chingiz Aytmatov ko'chasi, 2B uy