FIZIKA-TEXNIKA INSTITUTI DIREKTORI OSIYO YADRO FIZIKASI ASSOTSIATSIYASINING 17-SIMPOZIUMIDA ILMIY MA’RUZA QILDI
2026-yil 5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida Osiyo yadro fizikasi assotsiatsiyasining 17-simpoziumi doirasida xalqaro ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.
Mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Xusniddin Qosimovich Olimov ham ilmiy ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Professor X.Q. Olimov “Centrality evolution of transverse momentum spectra of light flavor hadrons in high-energy p+Pb collisions at the LHC” (“Katta adron kollayderida yuqori energiyali p+Pb to‘qnashuvlarida yengil kvarkli adronlarning ko‘ndalang impuls spektrlari markaziylikka bog‘liq holda o‘zgarishi”) mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada Katta adron kollayderida (LHC) yuqori energiyali proton–qo‘rg‘oshin (p+Pb) to‘qnashuvlarida hosil bo‘ladigan zarrachalarning ko‘ndalang impuls taqsimotlari va ularning to‘qnashuv markaziyligiga bog‘liqligini o‘rganishga oid ilmiy tadqiqotlar yoritildi.
Simpoziumda Yaponiya, Avstriya, Janubiy Koreya, Xitoy, Italiya va O‘zbekiston olimlari ishtirok etib, yadro fizikasi va yuqori energiyalar fizikasi sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Institutimiz olimlarining xalqaro ilmiy anjumanlardagi faol ishtiroki ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tadqiqot natijalarini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish hamda yangi ilmiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.